Asosiy 23.08.2023 10:21

Ilg’or texnologiyalar markazi biotexnologiya bo’yicha yozgi maktabi o‘z ishini yakunladi

Joriy yilning 31-iyul-19-Avgust kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg’or texnologiyalar markazida Biotexnologiyalar bo‘yicha yozgi maktab bo‘lib o‘tdi.

Bu yil jami 537 ta arizalar kelib tushib, ulardan 121 tasi suhbat bosqichiga o’tdi. Suhbat onlayn tarzda 22-24-Iyul kunlari o’tkazilib, qatnashuvchilar soni chegaralanganligi sababli baholash mezonlariga asosan 16 nafar nomzod (ulardan bir nafari xalqaro) 2023-yildagi Biotexnologiya yozgi maktabiga qabul qilindi.  
COVID-19 pandemiyasi, ayniqsa, chekka hududlarda yuqori malakali laboratoriya xodimlariga katta ehtiyoj borligi va universitet bitiruvchilarining amaliy malakalaridagi boʻshliqni koʻrsatdi. Masalan, ko’plab hududlarda COVID-19 uchun PZR namunalari Toshkentga yuborilib, natijalar ancha kech chiqar edi. 
Loyihaning asosiy maqsadi biologiya va unga aloqador yo‘nalishlarda tahsil olayotgan bakalavriat va magistratura talabalariga, ayniqsa, hududlarda tahsil olayotgan talabalarga klinik va ilmiy laboratoriyalarda qo‘llaniladigan metodikalar yuzasidan chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalar berishdan iborat. Loyiha, shuningdek, guruhda ishlash ko'nikmalarini, ijodkorlikni oshirdi.
Biotexnologiya bo'yicha intensiv yozgi maktab - bu 3 haftalik tadqiqotga asoslangan va amaliy faoliyat dasturi bo'lib, oqsillarni ekstraksiya qilish, tozalash, DNK va/yoki RNKni ajratish va PCR va RT-PCR, IFA hamda boshqa usullar va metodikalarni o'z ichiga oladi.
Dastur murabbiylarining aksariyati yosh olimlar, tadqiqotlarida ushbu turdagi texnologiyalardan muntazam foydalanib, barcha murabbiylar molekulyar biologiya, biokimyo, biotexnologiya va mikrobiologiya bo‘yicha katta tajribaga ega. Jamoa tarkibiga O‘zbekistonda SARS-CoV-2 virusini aniqlash RT-PCR test tizimi va vaksina yaratishda ishtirok etgan olimlar kiradi.
Talabalar dastlabki ikki haftani biotexnologiya, molekulyar biologiya va mikrobiologiya bilan bog'liq bo'lgan turli texnikalarni o'rgandilar va o‘tkazdilar, uchinchi haftada esa qo'shimcha ravishda o'zlarining qiziqishlari asosida guruh bo’lib, o’z loyihalari ustida ishladilar. 
Shuningdek, talabalar uchun CV, motivatsion xat va taqdimot ko'nikmalarini oshirish bo'yicha amaliy treninglar o’tkazildi. Shuningdek, talabalar o’z loyihalarini shakllantirish va moliyalashtirish hamda CAT Science Accelerator dasturi imkoniyatlari haqida bilib olishdi.

 

Boshqa yangiliklar